Kasallik varaqasi 2026: hisoblash tartibi, necha foiz va kim toʻlaydi
Avada · Tekshirilgan sana: 2026-yil 8-noyabr · Manbalar — maqola oxirida
Qisqa javob. 2026-yil 1-iyuldan boshlangan kasallik uchun nafaqani ikki tomon toʻlaydi: birinchi 5 kunni — ish beruvchi, 6-kundan boshlab — Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi (sugʻurta staji kamida 6 oy boʻlsa), arizasiz, toʻgʻridan-toʻgʻri xodimning kartasiga. Foizlar ham ikki xil: ish beruvchi umumiy ish staji boʻyicha toʻlaydi (8 yilgacha — 60 %, 8 yil va undan koʻp — 80 %), Jamgʻarma esa sugʻurta staji boʻyicha (6–96 oy — 60 %, 97 oy va undan koʻp — 80 %). Kunlik summa: oʻrtacha oylik ish haqi ÷ 25,3. Quyida ikkala jadval, hisoblash tartibi va uchta misol.
Kasallik varaqasi — rasmiy nomi «mehnatga layoqatsizlik varaqasi»; uning puli — «vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi».
Mundarija
- 2026-yilda nima oʻzgardi
- Necha foiz: ikkita jadval
- Qanday hisoblanadi
- Uchta misol
- Bola yoki oila aʼzosini parvarishlash, karantin, sanatoriy
- Muddatlar va hujjatlar
- Alohida hollar
- Soliq
- Ochiq savollar
- Yetti keng tarqalgan xato
2026-yilda nima oʻzgardi
| 2026-yil 1-iyulgacha boshlangan kasallik | 2026-yil 1-iyuldan boshlangan kasallik | |
|---|---|---|
| Kim toʻlaydi | Ish beruvchi, oʻz mablagʻidan, butun davr uchun | 1–5-kun — ish beruvchi; 6-kundan — Jamgʻarma |
| Foiz nimaga bogʻliq | Umumiy ish staji (yillar) | 1–5-kun — umumiy ish staji; 6-kundan — sugʻurta staji (oylar) |
| Ariza | Xodim varaqani ish joyiga beradi | Jamgʻarma qismi arizasiz (proaktiv), varaqa yopilgach |
| Qayerga toʻlanadi | Ish haqi bilan birga | 1–5-kun — ish haqi bilan; 6-kundan — xodimning ijtimoiy yoki bank kartasiga |
Asos: «Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida»gi Qonun (2026-yil 1-yanvardan kuchda), Vazirlar Mahkamasining 796-son qarori, 4-ilova (Nizom), 4, 20-bandlar. Ish beruvchining qismi — 314-son qaror, 1-ilova (Nizom): 2026-yil 1-iyuldan u sugʻurtalangan xodim uchun faqat ish beruvchi toʻlaydigan qismga qoʻllanadi (1-band «b»). Ilgari koʻp sahifalar tayangan 2002-yilgi Nizom 2024-yilda kuchini yoʻqotgan. Varaqa iyunda ochilgan boʻlsa, uni butunlay ish beruvchi eski tartibda toʻlaydi: sugʻurta hodisasi sanasi — varaqadagi birinchi kun (796-son qaror, 4-ilova, 4-band).
Sugʻurta staji — sugʻurta badali toʻlangan oylar: 2019-yildan — ish beruvchi soliq hisobotida ish haqi koʻrsatgan oylar; 2016–2018-yillar — Pensiya jamgʻarmasiga badal toʻlangan oylar; 2005–2015-yillar — jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga badal toʻlangan oylar (796-son qaror, 4-ilova, 29-band). Oylik ish haqi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan (MHTEKM; nafaqa tayinlanayotgan paytdagisi) kam boʻlgan oy yarim oy hisoblanadi (31-band): yarim stavkadagi xodimda olti oylik ish uch oylik staj berishi mumkin. Badalni xodim alohida toʻlamaydi: u ushlab qolingan daromad soligʻining bir qismidan oʻtkaziladi (Qonun, 12-modda). Oldingi ish joylaridagi oylar ham hisobga olinadi.
Necha foiz: ikkita jadval
1–5-kunlar — ish beruvchi (314-son qaror, 1-ilova, 22–24-bandlar):
| Kimga | Oʻrtacha ish haqidan |
|---|---|
| Umumiy ish staji 8 yilgacha | 60 % |
| Umumiy ish staji 8 yil va undan koʻp; 21 yoshga yetmagan chin yetim | 80 % |
| Stajdan qatʼi nazar: qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchi boʻlsa 18 ga) yetmagan 3 va undan ortiq bolasi borlar; ishda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalinganlar; baynalminal jangchilar; Chernobil AES avariyasini tugatish qatnashchilari | 100 % |
| Sil, onkologik, OITS, ruhiy va boshqa ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar boʻyicha hisobda turganlar | staj 5 yilgacha — 60 %, 5–8 yil — 80 %, 8 yildan — 100 % |
6-kundan — Jamgʻarma (796-son qaror, 4-ilova, 18, 19-bandlar):
| Sugʻurta staji | Oʻrtacha ish haqidan |
|---|---|
| 6 oydan kam | toʻlanmaydi (7-band) |
| 6–96 oy | 60 % |
| 97 oy va undan koʻp | 80 % |
| I yoki II guruh nogironligi; qaramogʻida 18 yoshga toʻlmagan 4 va undan ortiq farzand; qaramogʻida 18 yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan farzand | yuqoridagiga +20 foiz bandi (80 % yoki 100 %), faqat bitta toifa boʻyicha |
| Yil davomida 77 kalendar kundan oshgan kasallik kunlari | −10 foiz bandi |
Ikki jadvalning 100 % toifalari bir xil emas: 3 farzandli xodim 1–5-kunlarda 100 % oladi, 6-kundan esa oddiy foizda; 4 farzandlida 6-kundan +20 band qoʻshiladi. Jamgʻarma bir kalendar yilda 182 kundan ortigʻini toʻlamaydi (20-band).
Qanday hisoblanadi
- Oʻrtacha oylik ish haqi. Ish beruvchi qismi uchun — Mehnat kodeksining 257-moddasi boʻyicha: oldingi 12 kalendar oyda hisoblangan, soliq solinadigan mehnat daromadlari ÷ 12, xuddi taʼtil pulidagi kabi (314-son qaror, 1-ilova, 37-band); 314-son qarorda bu qism uchun yuqori chegara yoʻq. Jamgʻarma qismi uchun — sugʻurta stajidagi oxirgi 12 oy ÷ 12 (12 oydan kam boʻlsa, mavjud oylar soniga), lekin MHTEKMning 10 baravaridan ortigʻi hisobga olinmaydi (796-son qaror, 4-ilova, 26, 27-bandlar). Undan yuqori qismini ish beruvchi qoplashi shart emas; jamoa shartnomasi yoki ichki hujjat qoʻshimcha toʻlovni nazarda tutishi mumkin (26-band).
- Kunlik. Oʻrtacha oylik ÷ 25,3 (Mehnat kodeksi, 257-modda; 796-son qaror, 4-ilova, 16-band).
- Kunlar. «1–5-kunlar» — varaqaning dastlabki besh kalendar kuni. Ish beruvchi ulardan faqat xodimning ish kunlarini toʻlaydi (314-son qaror, 1-ilova, 38-band); Jamgʻarma 6-kalendar kundan boshlab, yakshanba va bayram kunlarini chiqarib toʻlaydi (796-son qaror, 4-ilova, 17, 20-bandlar; bizning oʻqishimiz). Masalan, varaqa payshanbadan boshlansa, besh kunlik haftada ish beruvchi payshanba, juma va dushanbani toʻlaydi, Jamgʻarma — seshanbadan.
- Nafaqa = kunlik × kunlar × foiz.
Kasallik kunlari va nafaqa summasi keyingi taʼtil puli va boshqa oʻrtacha ish haqi hisobidan chiqariladi (257-modda) — kunlik pasaymaydi (Taʼtil puli).
Uchta misol
Uchala misolda ham oʻrtacha oylikni 100 deb olamiz (cheklovdan past) — natija oylikning ulushi. Kunlik: 100 ÷ 25,3 ≈ 3,9526. Varaqa — yilning birinchisi, 14 kalendar kun, dushanbadan boshlanadi, olti kunlik ish haftasi, bayram yoʻq: 1–5-kunlar besh ish kuni, 6–14-kunlardan yakshanbalarni chiqarsak, yetti kun (bizning hisobimiz).
| A: oddiy xodim | B: 16 yoshgacha 4 farzand | C: yangi xodim (birinchi ish joyi) | |
|---|---|---|---|
| Umumiy ish staji / sugʻurta staji | 10 yil / 110 oy | 10 yil / 110 oy | 4 oy / 4 oy |
| 1–5-kun, ish beruvchi | 3,9526 × 5 × 80 % = 15,81 | 3,9526 × 5 × 100 % = 19,76 | 3,9526 × 5 × 60 % = 11,86 |
| 6–14-kun, Jamgʻarma | 3,9526 × 7 × 80 % = 22,13 | 3,9526 × 7 × 100 % = 27,67 | 0 (6 oydan kam) |
| Jami, oylikning | 37,94 | 47,43 | 11,86 |
C uchun: 1–5-kunlarni ish beruvchi toʻlashi kerakligini biz shunday oʻqiymiz — 314-son qarorda ish beruvchi qismi uchun eng kam staj yoʻq (4-band); Jamgʻarma esa 6 oydan kam sugʻurta stajida toʻlamaydi (796-son qaror, 4-ilova, 7-band). 6–14-kunlarni ish beruvchi toʻlashi shart emas: sugʻurtalangan xodim uchun 314-son qaror faqat ish beruvchi toʻlaydigan qismni tartibga soladi (1-ilova, 1-band «b»; bizning oʻqishimiz). Jamoa shartnomasi yoki ichki hujjat bilan qoʻshimcha toʻlov belgilash mumkin (796-son qaror, 4-ilova, 26-band). Sugʻurta staji oldingi ish joylarini ham qamraydi: «yangi xodim» — har doim ham «4 oy» emas.
Natija oʻrtacha oylik ish haqi birligida: 100 = bir oylik.
Bola yoki oila aʼzosini parvarishlash, karantin, sanatoriy
- Parvarish. Uyda davolanayotgan 14 yoshgacha bemor bola uchun varaqa onaga (u boʻlmasa yoki betob boʻlsa — boshqa oila aʼzosiga) 14 kalendar kungacha beriladi (undan keyin — maʼlumotnoma), 14 yoshdan katta bemor uchun 7 kungacha (Sogʻliqni saqlash vazirligi yoʻriqnomasi, 31–33-bandlar). Foiz — oddiy staj foizi. Jamgʻarma 182 kunlik chegaraga qoʻshimcha toʻlaydi: 14 yoshgacha farzand uchun 20 kun, 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan farzand uchun 40 kun (796-son qaror, 4-ilova, 21-band). Pandemiya yoki favqulodda vaziyat karantinida 14 yoshgacha bolasiga qarayotgan ota-onaga 1–5-kunlar — 100 % (314-son qaror, 1-ilova, 22-band).
- Karantin, sanatoriy, protez. Ular ham varaqa bilan toʻlanadi (796-son qaror, 4-ilova, 11-band). Sanatoriy kunlari faqat yillik taʼtil qoplamagan qismi uchun (314-son qaror, 1-ilova, 13-band).
- Toʻlanmaydi: ish haqi saqlanmaydigan yoki qisman saqlanadigan taʼtil, bola parvarishi taʼtili, harbiy yigʻin yoki oʻqish taʼtili davriga toʻgʻri kelgan kunlar — xodim ishga chiqishi kerak boʻlgan kundan toʻlanadi (314-son qaror, 1-ilova, 19-band; 796-son qaror, 4-ilova, 23-band). Mast holatda olingan jarohat, oʻzini ataylab shikastlash ish beruvchi toʻlaydigan qismdan mahrum qiladi, shifokor rejimini buzish — buzilgan kundan (314-son qaror, 1-ilova, 20, 21-bandlar).
Muddatlar va hujjatlar
- Varaqa elektron. Klinika uni Sogʻliqni saqlash vazirligining yagona tibbiy axborot tizimida ochadi, u my.gov.uz shaxsiy kabinetiga tushadi (yoʻriqnoma, 4, 5¹, 5²-bandlar). U mehnatga layoqatsizlik aniqlangan kundan beriladi; oʻtgan kunlar uchun, hujjatda koʻrsatilgan hollardan tashqari, ochilmaydi (9-band). Xodimdan qogʻoz talab qilmang: varaqa raqamini yoki my.gov.uz dan yuklab olingan nusxasini oling va haqiqiyligini docs.dmed.uz saytida tekshiring.
- Ish beruvchi qismi — eng yaqin ish haqi kunida, lekin varaqa taqdim etilgandan keyin 16 kalendar kundan kechiktirmay (314-son qaror, 1-ilova, 6, 69-bandlar). Nafaqani komissiya yoki ish beruvchi buyruq bilan belgilagan xodim tayinlaydi (52-band).
- Jamgʻarma qismi — varaqa yopilgach avtomatik tayinlanadi. Oyning 1–15-kunlari tayinlangani shu oyning 25-sanasiga qadar, 16-kunidan oy oxirigacha tayinlangani keyingi oyning 10-sanasiga qadar bankka yuboriladi, bank 5 ish kunida kartaga oʻtkazadi. 10 kun va undan uzoq yopilmagan varaqa oʻtgan kunlar uchun shu tartibda toʻlanadi (796-son qaror, 4-ilova, 10, 34, 36, 37-bandlar). Xodimga SMS, ish beruvchiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida va Yagona milliy mehnat tizimida xabar keladi (15-band).
- Tabelda — «K» belgisi (Ish vaqti tabeli).
- Tashxis kerak emas. Hisob uchun varaqaning raqami va sanalari yetadi; kasallik haqidagi maʼlumot — maxsus shaxsiy maʼlumot (Exceldan CRMga oʻtish).
Alohida hollar
- Oʻrindosh. Ish beruvchi qismi oʻrindoshlik boʻyicha ish joyida ham toʻlanadi (796-son qaror, 4-ilova, 22-band); asos — varaqaning tasdiqlangan nusxasi (314-son qaror, 1-ilova, 40-band).
- Mehnat shartnomasi kasallik paytida tugasa ham, nafaqa sogʻaygunga qadar toʻlanadi (314-son qaror, 1-ilova, 9-band).
- Yillik taʼtilda kasal boʻlsa — varaqadagi kunlar uchun nafaqa toʻlanadi (314-son qaror, 1-ilova, 12-band), taʼtil esa shu kunlarga uzaytiriladi yoki boshqa muddatga koʻchiriladi (Mehnat kodeksi, 229-modda).
- Boʻshatish. Kasallik varaqasidagi xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan boʻshatib boʻlmaydi, tashkilot tugatilishi yoki YaTT faoliyatini tugatishi bundan mustasno (Mehnat kodeksi, 163-modda; Xodimni ishdan boʻshatish).
- Fuqarolik-huquqiy shartnoma bilan ishlovchi 2026-yildan majburiy sugʻurtalangan (Qonun, 5-modda): sugʻurta staji kamida 6 oy boʻlsa, Jamgʻarma qismini oladi. Nizomda ish beruvchi boʻlmasa 1–5-kunlarni sugʻurtalangan shaxs oʻzi qoplashi aytilgan (20-band); buyurtmachi bu yerda «ish beruvchi» hisoblanadimi — aniq emas.
- Ishda mayib boʻlish, kasb kasalligi. 1–5-kunlar — 100 % (314-son qaror, 1-ilova, 22-band); N-1 shaklidagi dalolatnoma kerak (57-band). Mehnat muhofazasi qoidalari buzilgani sababli boʻlsa, ish beruvchi barcha nafaqa xarajatini qoplaydi (79-band). 6-kundan kim va necha foizda toʻlashi biz oʻqigan matnlarda aniq emas: Qonun ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sugʻurtani oʻz doirasidan chiqaradi (1-modda, 2-qism), 796-son qaror Nizomida bu hol uchun alohida band yoʻq.
- Homiladorlik va tugʻish. 126 kalendar kun (qiyin tugʻruq yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilganda — 140) (Mehnat kodeksi, 404-modda). 2026-yil 1-yanvardan uni Jamgʻarma toʻlaydi — sugʻurta staji kamida 10 oy va oxirgi 6 oy uzluksiz boʻlsa (796-son qaror, 4-ilova, 4, 7-bandlar): 10–24 oy — 75 %, 25–60 oy — 85 %, 61 oydan — 100 % (24-band). Sugʻurtalangan xodimga ish beruvchi bu nafaqani toʻlamaydi (314-son qaror, 1-ilova, 1-band «a»). Staj 10 oydan kam boʻlsa kim toʻlashi biz oʻqigan matnlarda aytilmagan; Mehnat kodeksi esa oʻrtacha oylikning 75 foizidan kam boʻlmagan nafaqani kafolatlaydi (404-modda) — bu holni buxgalteringiz bilan aniqlang.
Soliq
Kasallik nafaqasi, jumladan, oila aʼzosini parvarishlash nafaqasi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortiladi: Soliq kodeksi boshqa davlat nafaqalarini soliqdan ozod qiladi, bu nafaqani esa alohida istisno qiladi (369-modda, 1-qism, 7-band). 1–5-kunlar uchun soliqni ish beruvchi ish haqi kabi ushlab qoladi (bizning oʻqishimiz); Jamgʻarma qismidan soliqni kim ushlashi biz oʻqigan matnda aytilmagan. Foyda soligʻi toʻlovchi uchun ish beruvchi toʻlagan 1–5-kunlar — chegiriladigan xarajat (305-modda; bizning oʻqishimiz). Aylanma soligʻi tushumdan olinadi, xarajat chegirilmaydi (463-modda). Ijtimoiy soliq masalasini buxgalteringiz bilan aniqlang.
Ochiq savollar
Qoidalar yangi, amaliyot hali bir xil emas. Biz koʻrgan savollar:
- 5 kun — har bir varaqagami yoki yil boʻyicha jamimi. Nizom soʻzi: «tegishli kalendar yildagi mehnatga layoqatsizlik davrining beshinchi kunigacha boʻlgan qismi» (796-son qaror, 4-ilova, 20-band). Koʻp buxgalterlar buni yil boʻyicha jami 5 kun deb oʻqiydi, ayrimlari — har bir varaqa uchun.
- 1-iyulgacha boʻlgan varaqalar shu 5 kunga kiradimi. Fikrlar har xil.
- Ishda mayib boʻlgan xodimning 6-kundan keyingi kunlari — kim toʻlaydi (yuqoriga qarang).
- Fuqarolik-huquqiy shartnoma bilan ishlovchining 1–5-kunlari — buyurtmachi «ish beruvchi» hisoblanadimi.
Bizning maslahatimiz: oʻz qismingizni odatdagi muddatda — varaqa taqdim etilgandan keyin 16 kundan kechiktirmay — Jamgʻarmani kutmasdan toʻlang; bu dastlabki besh kundan oshmaydi. Jamgʻarma qaysi kundan toʻlaganini yoki nima uchun rad etganini soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetidagi xabardan koʻring (15-band). Jamgʻarma rad etgan boʻlsa ham (masalan, staj 6 oydan kam), 6-kundan keyingisi sizning zimmangizda emas. Yil ichidagi ikkinchi varaqada esa avval buxgalteringiz bilan Jamgʻarma qaysi kundan tayinlaganini tekshiring.
Yetti keng tarqalgan xato
- Eski jadvalni butun davrga qoʻllash. «8 yilgacha 60 %, 8 yildan 80 %» endi faqat 1–5-kunlar uchun.
- 3 farzandli xodimga butun davrga 100 % yozish. 6-kundan Jamgʻarma oddiy foizda toʻlaydi; +20 band 4 va undan ortiq farzandda.
- Umumiy stajni sugʻurta staji deb olish. Rasmiy ish haqisiz oylar sugʻurta stajiga kirmaydi, MHTEKMdan kam oylikli oy esa yarim oy hisoblanadi (796-son qaror, 4-ilova, 29, 31-bandlar).
- Jamgʻarma qismini ham ish haqiga qoʻshib toʻlash. 6-kundan pulni xodim kartasiga Jamgʻarma oʻzi oʻtkazadi.
- Xodimdan ariza yoki qogʻoz varaqa talab qilish. Varaqa elektron, Jamgʻarma arizasiz toʻlaydi.
- Mehnat shartnomasi maʼlumotlarini Yagona milliy mehnat tizimiga kech kiritish. Jamgʻarma ish beruvchining hisobotidagi maʼlumotdan foydalanadi (12-band): kech yoki xato kiritilgan shartnoma — kech yoki xato toʻlov.
- Nafaqani soliqsiz deb hisoblash. Kasallik nafaqasi daromad soligʻiga tortiladi (369-modda).
Kadrlar tizimi kasallik nafaqasini hisoblamaydi — bu ish haqi dasturining ishi. Farqi haqida: Kadrlar va ishga qabul tizimi: tashkilotga nima kerak?.
Bu maqola umumiy maʼlumot, yuridik yoki soliq maslahati emas: aniq holatni buxgalteringiz bilan aniqlang.